TOShKENT, 15 fev — Sputnik. Toshkentda fevral oyida bo‘lib o‘tishi kutilayotgan O‘zbekiston-Ozarbayjon mintaqalararo birinchi forumida hamkorlikda avtomobillar ishlab chiqarish masalasi muhokama qilinadi. Bu haqda Sputnik muxbiri ma’lum qildi.
Ozarbayjon multimedia matbuot markazida O‘zbekiston-Ozarbayjon hududlararo birinchi forumi ishtirokchilari oldida turgan dolzarb vazifalar mavzusiga bag‘ishlangan Boku-Toshkent videoko‘prigi bo‘lib o‘tdi.
Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi Iqtisodiyot instituti yetakchi ilmiy xodimi Emin Mammadzoda qayd etishicha, Toshkentda o‘tkaziladigan O‘zbekiston-Ozarbayjon hududlararo birinchi forumida birgalikda avtomobil ishlab chiqarish masalasi muhokama qilinadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjonda o‘zbek avtomobillariga talab yuqori, shuning uchun birgalikda ishlab chiqarish katta istiqbolga ega bo‘ladi.
“O‘zbekistonning bu boradagi salohiyati katta. Barchamizga ma’lumki, O‘zbekistonda avtomobil zavodi uzoq vaqtdan beri faoliyat yuritib, dunyoning ko‘plab mamlakatlariga eksport qilmoqda. Ozarbayjonda avtomobillarga talab oshdi. Tabiiyki, birgalikda avtomobil ishlab chiqarish katta istiqbolga ega bo‘ladi va bu masala bo‘lajak mintaqalararo forumda muhokama qilinadi”, -deydi Mammadzoda.
Ma’lumot uchun, Toshkent shahrida 23-24 fevral kunlari O‘zbekiston-Ozarbayjon hududlararo birinchi forumi bo‘lib o‘tadi. Forumda ikki davlat mutasaddilari, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ishtirok etadi. Shuningdek, forum doirasida O‘zbekiston-Ozarbayjon ishbilarmonlar kengashining uchinchi yig‘ilishi hamda tadbirkorlarning ikki tomonlama uchrashuvlari o‘tkaziladi.