O‘zbekiston shifokorlari Turkiyaning 414 nafar fuqarosiga yordam ko‘rsatdi

O‘zbekiston harbiylari va qutqaruvchilari Turkiyadagi yer qimirlashi oqibatlarini bartaraf etish uchun Turkiyaga birinchilar qatorida yetib borishgan edi.
Sputnik
TOShKENT, 14 fev – Sputnik. O‘zbekistonlik harbiy shifokorlar Turkiyaning 414 nafar fuqarosiga, jumladan, dahshatli zilziladan jabr ko‘rgan 74 nafar bolaga dala ko‘chma gospitalida yordam ko‘rsatdi, deb xabar qildi seshanba kuni O‘zbekiston Mudofaa vazirligi.
O‘zbekistondan 100 nafar qutqaruvchidan iborat birinchi guruh 7-fevral kuni Turkiyaning Hatay viloyatida qidiruv-qutqaruv ishlarini boshladi. 9-fevral kuni Turkiyaning Gaziantep shahriga 71 kishidan iborat yana bir guruh, jumladan, O‘zbekiston Mudofaa vazirligining 50 nafar shifokori yetib keldi. U yerda ko‘chma shifoxona tashkil etildi.
“Kasalxona ish boshlaganidan buyon bu yerda 414 kishiga, jumladan, 74 nafar bolaga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi”, — deyiladi Mudofaa vazirligining telegram-kanalida.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik harbiy shifokorlar o‘zlari olib kelgan asbob-uskunalar yordamida ultratovush, AKT, keng ko‘lamli diagnostika, laboratoriya tekshiruvlarini o‘tkazmoqda. “Agar murojaat qilganlarning ahvoli og‘ir bo‘lsa, operatsiya qilish uchun tez tibbiy yordam bo‘limiga o‘tkaziladi”, — deya qo‘shimcha qildi Mudofaa vazirligi.
Elatib o‘tamiz, 6-fevral kuni Turkiyaning janubi-sharqida 9 soatdan ortiq farq bilan 7,7 va 7,6 magnitudali zilzilalar yuz berdi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, ular 1939-yildan beri eng kuchli bo‘lishgan, u ularni “asr falokati” deb atagan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 31 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan.