TOShKENT, 12 fev — Sputnik. O‘zbekistonlik yosh fotosuratkashlar Sankt-Peterburgda har yili o‘tkaziladigan “Madaniyatlar muloqoti” xalqaro forumida o‘z ishlarini taqdim etadi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar bergan.
Ushbu tadbir doirasida “Men shu yerda yashayman” nomli fotoko‘rgazma tashkil etiladi. Unda turli mamlakatlardan kelgan fotomuxbirlar o‘zlari yashayotgan joylarni ko‘rsatadi.
Forum joriy yilning 19-21 may kunlari Sankt-Peterburgdagi Davlat Ermitajida bo‘lib o‘tadi.
“Madaniyatlar muloqoti” xalqaro forumi 2004-yildan buyon Ermitaj muzeyida o‘tkazib kelinayotgan “Jurnalistlar hamdo‘stligi” mediakongressining eng yirik loyihasidir. O‘tgan yillar davomida unda dunyoning 45 davlatidan 3000 dan ortiq jurnalistlar ishtirok etgan.