TOShKENT, 11 fev — Sputnik. O‘zbekistondan turkiya xalqi uchun 25 ta yuk mashinasiga ortilgan insonparvarlik yordami jo‘natildi. Bu haqda Savdo- sanoat palatasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘zbekistonliklarning yordami bilan birodar turk xalqi uchun kerakli mahsulotlar bilan to‘ldirilgan 25 ta yuk mashinasini (taxminan 550 ta poddon) jo‘natildi.
Barcha hududiy bo‘linmalardan yuklar kelib tushayotgani sababli ularni saralash, qadoqlash va jo‘natishga tayyorlash qo‘shimcha vaqt talab etmoqda.
"Hozirda insonparvarlik yordamini yig‘ish vaqtincha to‘xtatildi. Gumanitar yordam yig‘ish qayta boshlangani va Turkiyaga yetkazilishi zarur bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxati yana e’lon qilinadi", deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda va respublika viloyatlarida Turkiyada zilzilalardan jabrlanganlar uchun xayriya yordamini yig‘ish punkti ochilgan. Insonparvarlik jo‘natmasini O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi tashkil qilmoqda. Punktda issiq kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari va birlamchi ehtiyoj buyumlarini qabul qilindi.