Barcha gaz shoxobchalarida elektron o‘lchash uskunasi va video kamera majburiy o‘rnatiladi

1 maydan gaz shoxobchalarida elektron o‘lchash uskunalari va onlayn video kameralari bo‘lishi shart bo‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 10 fev — Sputnik. O‘zbekistonda 1-maydan barcha gaz shoxobchalarida elektron o‘lchash uskunalari va onlayn video kameralari majburiy o‘rnatiladi. Bu prezident 10-fevral kuni imzolagan “Tadbirkorlik subyektlarini toifalarga ajratish mezonlari hamda soliq siyosati va soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda ko‘zda tutilgan.
Farmon bilan 2023-yil 1-maydan boshlab avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari va avtomobillarga gaz quyish stansiyalarida elektron o‘lchash uskunalari va onlayn video kameralarini o‘rnatish hamda ularni soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilish majburiy hisoblanishi belgilangan.
Ikkinchi fevraldan anomal sovuq sabab yopilgan “gaz zapravka”lar bosqichma-bosqich ochilgan edi.
Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar oyi davomida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 85 mln kub metr (85 mlrd so‘m) hajmdagi tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan.