TOShKENT, 9 fev — Sputnik. Ukraina harbiylari maxsus harbiy operatsiya davomida halok bo‘lgan xorijlik yollanma askarlarning shaxsiy ma’lumotlarini yashirish maqsadida ularning qo‘llari va boshlarini kesib tashlamoqda. Bu haqda RIA Novosti agentligiga Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi ma’lum qildi.
"Ukraina tomoni har qanday yo‘l bilan xorijliklarning shaxsini yashirishga harakat qilmoqda. Halok bo‘lgan yollanma askarlarning jasadlarini aniqlashni murakkablashtirish maqsadida Ukraina Qurolli kuchlari vakillari ularning qo‘llari va boshlarini kesib tashlashmoqda", - deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, o‘tgan haftada maxsus harbiy operatsiya zonasidan Luganskdagi sud-tibbiy ekspertiza burosiga hujjatlarsiz uch kishining jasadi olib kelingan. Ulardan ikki nafarining boshi va qo‘llari yo‘q bo‘lgan. Tekshiruv davomida ulardan mobil telefonlar topilgan.
Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, qurilmalardan olingan foto va video materiallar mazkur shaxslar Polshadan kelgan yollanma askarlar ekanligini aniqlashga imkon bergan. Tanasi butun bo‘lgan jabrlanuvchilardan birining shaxsi tergov tomonidan aniqlangani aytilmoqda.
Keyinroq ijtimoiy tarmoqlarda marhumga o‘xshash shaxs topilgan. Tergov qo‘mitasi Ukraina rejimini qo‘llab-quvvatlovchi xorijiy yollanma askarlarni ayblanuvchi sifatida javobgarlikka tortish uchun dalillar to‘plashda davom etmoqda.