TOShKENT, 9 fev — Sputnik. NATO Ukraina uchun qurol-yarog‘ va o‘q-dorilarni ko‘paytirishni uddalay olmayapti, shuning uchun Ukraina Qurolli kuchlariga yetkazib berishdan voz kechish kerak. Bu haqda RIA Novosti Pentagon rahbarining sobiq maslahatchisi, AQSh armiyasining iste’fodagi polkovnigi Duglas Makgregorning "Judging Freedom" kanaliga bergan intervyusiga tayanib xabar berdi.
"Rossiyada o‘q-dorilar, jihozlar yoki boshqa narsalar tugashi xavfi yo‘q va ular mutlaqo yangi ajoyib jihozlar ishlab chiqarishadi, ko‘p hollarda ular frontga juda tez yetib boradi", - dedi u.
Polkovnikning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Qurolli kuchlarining salohiyati kundan-kunga oshib bormoqda. Shu bilan birga, G‘arb davlatlari hozir duch kelayotgan muammo shundaki, ular Moskva borasida noto‘g‘ri xulosaga kelishgan.
“Bizda zaxiralar juda tez tugadi va zaxira quvvatimiz yo‘q, odamlar buni tushunmaydilar. Ammo ruslar ishlab chiqarishni juda tez ko‘paytirishga muvaffaq bo‘lishdi va yevropaliklar bundan juda xavotirda, shuning uchun NATO yopiq eshiklar ortida bu endi davom etmasligini, buni to‘xtatish kerakligini aytdi”, - deb o‘z fikri bilan o‘rtoqlashdi harbiy.
Rossiya Ukrainaga qurol yetkazib berilgani uchun NATO davlatlariga nota yuborgan edi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina uchun qurol bo‘lgan har qanday yuk Rossiya uchun qonuniy nishonga aylanishini ta’kidladi. Rossiya tashqi ishlar vazirligi NATO davlatlari Ukrainaga qurol yetkazib berish orqali “o‘t bilan o‘ynamoqda”, deb ta’kidladi. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukrainaga G‘arbdan qurol-yarog‘ yetkazib berish Rossiya-Ukraina muzokaralarining muvaffaqiyatiga hissa qo‘shmasligi va salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.