TOShKENT, 8 fev — Sputnik. Qozog‘istonda xorijliklarga doimiy yashash uchun ruxsatnoma berish qoidalari yangilandi, endi buning uchun xorijga chiqish pasporti va mamlakatda yashash manzilini tasdiqlash talab etiladi. Bu haqda mamlakat IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, “Qozog‘iston bilan tegishli migratsiya kelishuvlari bo‘lgan davlat fuqarolari ichki hujjatlarga muvofiq mamlakatga kirishi, chiqishi, tranzit o‘tishi, ko‘chib o‘tishi va vaqtincha bo‘lishi mumkin”.
“Biroq xorijlik Qozog‘iston Respublikasida doimiy yashash uchun ruxsatnoma olishi uchun xorijga chiqish pasporti talab qilinadi”, - deyiladi xabarda.
Xabarda aytilishicha, endi chet elliklar amal qilish muddati doimiy yashash uchun ariza berilgan sanada 180 kalendar kunidan kam bo‘lmagan xorijga chiqish pasportini taqdim etishi kerak.
Vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnomani olish uchun uy-joy egasining, uning nomidan ishonchli shaxsning shaxsan ishtirok etishi yoki mulkdorning notarial tasdiqlangan roziligi ham talab qilinadi.
Avvalroq Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi talab yuqori bo‘lgan kasblarga ega bo‘lgan xorijliklar Qozog‘istonda doimiy propiska uchun ariza topshirishda imtiyozga ega bo‘lishi haqida xabar bergan edi. Bunday mutaxassisliklar ro‘yxatiga shifokorlar, muhandislar, agronomlar, arxitektorlar, biologlar, geologlar, gidrologlar, metallurglar, farmakologlar, kimogarlar, ekologlar, axborot texnologiyalari mutaxassislari, sog‘liqni saqlash sohasidagi universitet o‘qituvchilari va boshqalar kiradi.
Shuningdek, 2023-yil 27-yanvardan O‘zbekiston fuqarolari chegarani kesib o‘tgan kundan 30 kun davomida Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tmasdan yurishlari mumkin bo‘lgan.