“Putin haq edi”: Britaniya polkovnigi G‘arb armiyasi zaifligini tan oldi

Britaniya armiyasining sobiq polkovnigi Britaniya harbiy texnikasini yangilash kerak, deb hisoblaydi.
Sputnik
TOShKENT, 8 fev — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin G‘arbning harbiy va siyosiy jihatdan zaifligi haqida gapirganda haq edi, deb yozadi Britaniya armiyasining sobiq polkovnigi Xemish de Bretton-Gordon “i news” gazetasi uchun.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi bir necha yil davomida barcha gap kibernetik va kosmik texnologiyalarning o‘sishi tufayli askarlar va tanklar sonining qisqarishi haqida ketmoqda.

“Agar biz Ukrainaga anjomlar va o‘q-dorilar berishda davom etsak, kelajakda kuchlarimizni saqlab qolish va zaxiralarni to‘ldirish uchun mahalliy sanoatni rivojlantirishimiz kerak”, - deydi polkovnik.

Bundan tashqari, u Britaniya harbiy texnikasini yangilash kerak, deb hisoblaydi.

“Challenger 2" tankini birinchi navbatda yangilash yoki butunlay yangisiga almashtirish kerak”, - deya xulosa qildi Bretton-Gordon.

Yanvar oyi oxirida Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi rahbari o‘rinbosari Aleks Chak Birlashgan Qirollik mart oyi oxirida Kiyevga "Challenger 2" tanklarini yetkazib berishni rejalashtirayotgani va ukrainalik harbiylarning mashg‘ulotlari allaqachon boshlanganini ma’lum qilgan.
Rossiya Ukrainaga qurol yetkazib berilgani uchun NATO davlatlariga nota yuborgan edi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina uchun qurol bo‘lgan har qanday yuk Rossiya uchun qonuniy nishonga aylanishini ta’kidladi. Rossiya tashqi ishlar vazirligi NATO davlatlari Ukrainaga qurol yetkazib berish orqali “o‘t bilan o‘ynamoqda”, deb ta’kidladi. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukrainaga G‘arbdan qurol-yarog‘ yetkazib berish Rossiya-Ukraina muzokaralarining muvaffaqiyatiga hissa qo‘shmasligi va salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.