O‘zbekistonda ilk bor lavanda moylarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda - foto

Kelgusida lavanda o‘simligidan olingan efir moylari Rossiya, Fransiya va Turkiyaga eksport qilinishi rejalashtirilgan - tafsilotlar.
Sputnik
TOShKENT, 8 fev — Sputnik. Navoiy viloyatining Nurota tumanida lavanda moylarini ishlab chiqarish bo‘yicha yirik loyiha ishga tushirildi. Bu haqda Sputnik muxbiriga Nurota tumani hokimligi ma’lum qildi.
Tumanning Chuya mahallasi hududida 500 gektar yer maydonida umumiy qiymati 2,5 mln dollar bo‘lgan lavanda o‘simligini yetishtirish va qayta ishlashni tashkil etish bo‘yicha innovatsion loyiha ishga tushirildi.
Loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, dastlab yerlarning unumdorligini oshirish maqsadida kerakli agrotexnik tadbirlar o‘tkaziladi. Lavanda o‘simligi hosilga kirgach, efir moyini ishlab chiqarish majmuasi barpo etiladi.
Navoiy viloyati
Hozirda birinchi bosqich yakunlanib, burg‘ulash, qurilish hamda yomg‘irlatib sug‘orish, pivot uskunasini o‘rnatish ishlari amalga oshirilgan.
Pivot uskunasi suvni 40-50 % gacha tejaydi. Suv dala maydoniga bir tekis taqsimlanadi, ekinga suvni meyorida yetkazib beradi, o‘g‘itlardan samarali foydalanish hisobiga 35 % gacha, yoqilg‘i sarfi 30% ga tejaladi, qo‘l mehnati 90% ga qisqaradi. Shuningdek, pivot uskunasini boshqa suv tejovchi uskunalardan afzalligi yer maydonida texnika ishlashiga xalal bermaydi.

“Hozirda yer maydoni o‘simlikni ekish uchun 2-yil davomida tayyorlanadi. O‘simlikni yetishtirishda Rossiya, Turkiya va Bolgariya tajribasi o‘rganildi. Urug‘lar ham ushbu mamlakatlardan olib kelib ekiladi. Kelgusida lavanda o‘simligidan olingan efir moylari Rossiya, Fransiya va Turkiyaga eksport qilinishi rejalashtirilgan”, - deydi tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Lutfiyor Mansurov.

Qayd etilishicha, ushbu loyiha doirasida mavsumiy 200 ga yaqin ish o‘rinlari yaratiladi.
Ma’lumot uchun, lavanda moyi eng ko‘p sotiladigan 15 ta efir moylaridan biri hisoblanadi. O‘simlik asosan Yevropa, Rossiya va Osiyo mamlakatlarida yetishtiriladi. Ushbu davlatlarda har yili iyul, avgust oylarida lavanda gullar festivallari bo‘lib o‘tadi.
Lavanda bu yarim buta, ko‘p yillik o‘simlik bo‘lib, balandligi bir metrgacha bo‘ladi. Iqtisodiy jihatdan ishlatiladigan qismi - uning gullari hisoblanadi.
O‘simlik suvsizlikka chidamli bo‘lib, uni yil davomida sug‘orish shart emas. Bir marta ekilgan ko‘chatlar 30-50 yil davomida hosil beradi. Lavanda parfumeriya, oziq-ovqat sanoati va tibbiyotda keng qo‘llaniladi.
1 / 5
2 / 5
3 / 5
4 / 5
5 / 5