TOShKENT, 8 fev — Sputnik. O‘zbekiston Pokiston bilan imtiyozli savdo sohasida hamkorlik qiladi. Bu haqda Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, O‘zbekistan bilan Pokiston Islom Respublikasi hukumati o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risida bitim tasdiqlandi. Mazkur bitim 2022-yil 3-martda Islomobod shahrida imzolangan.
Qayd etilishicha, investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda bojxona qo‘mitasi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organlar etib belgilandi.
Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirganidan keyin O‘zbekistonning majburiyatlari bajarilishini ta’minlaydi.
Avvalroq O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi yaqin kelajakda 500 million va bir necha yil ichida 1 milliard dollarga yetkazilishi haqida xabar berilgandi.