TOShKENT, 8 fev — Sputnik. Rossiya neft mahsulotlarisiz Yevropa bozori taqchillik va yoqilg‘i narxi oshishini boshdan kechiradi. Bu haqda Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak ma’lum qildi.
“5 fevraldan bizning neft mahsulotlarimizni Yevropaga yetkazib berish uchun cheklovlar joriy etilgandi. Shuningdek, ularning yuqori narx chegarasini belgilash qarori qabul qilingandi. Va oradan ikki kun o‘tib hamkasblarimiz ilgari qabul qilingan qarorlardan voz kechib, o‘z reglamentlariga o‘zgartirish kiritishdi. <...> Aslida bizning neft mahsulotlarimizsiz katta taqchillik va narx o‘sishi bo‘ladi”, - dedi Novak. Uning so‘zlaridan RIA Novosti iqtibos keltirgan.
Kuni kecha Yevropa komissiyasi Rossiya neft mahsulotlarining chegaralangan yuqori narxi to‘g‘risidagi qarorga izoh chop qildi. Hujjatga ko‘ra, embargo agar neft mahsulotlari uchinchi mamlakatlarda ishlab chiqarilgan bo‘lsa, amal qilmaydi. Bundan tashqari, Rossiya xomashosini boshqa birortaniki bilan aralashtirganda, uni cheklovsiz sotish mumkin. Shu tariqa, Yevropa amalda o‘zi qo‘llagan sanksiyalarini chetlab o‘tmoqda.