TOShKENT, 8 fev — Sputnik. Toshkent shahrida bosh reja bo‘lmaguncha, yangi qurilishlarga moratoriy e’lon qilinadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxt jamoatchilik vakillari va mutasaddilar ishtirokidagi yig‘ilishda ma’lum qildi.
Davlat rahbari qurilishga ruxsat berilganda, mavjud infratuzilmaga yuklama bo‘yicha aniq hisob-kitob qilinmayotgani, yashil maydonlar tashkil qilish ishlari qurilishlar bilan hamohang olib borilmayotganini tanqid qildi.
Shu bois shaharning bosh rejasi tasdiqlanmaguncha yangi qurilishlarga moratoriy e’lon qilinishi ta’kidlandi.
Mirziyoyev 2023-yilda Toshkent shahrining yashillik darajasini 28 foizga yetkazish vazifasini qo‘ydi.
Shu maqsadda 100 gektar maydonda yangi bog‘ tashkil qilinadi. “Toshkent yashil belbog‘i” loyihasi boshlanib, bahor mavsumida 525 ming tup daraxt va butalar, 20 million tup gul ko‘chatlari ekiladi.