Ashxobod-1948/ Turkmaniston
Turkmaniston poytaxtidagi vayronkor zilzila 1948-yil 5-oktabrdan 6-oktabrga o‘tar kechasi aholi tungi uyquda bo‘lgan payt sodir bo‘lgan. Rixter shkalasi bo‘yicha zilzila 7,3 magnitudada baholangan. Zilzila epimarkazi poytaxt yaqinida -18 km chukurlikda boshlangan.
6-26 oktrabr kunlari Ashxoboddan qariyb 8800 kishi SSSRning boshqa shaharlariga evakuatsiya qilingan. Evakuatsiyada 120 ta harbiy va fuqaro samolyotlari va sanitar poyezdlari ishtirok etgan.
Zilzila qurbonlari haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Ba’zi prognozlarga ko‘ra, qurbonlar soni yuz mingtacha bo‘lgani ko‘rsatiladi. 1995-yildan buyon 6-oktabr Turkmanistonda Xotira kuni sifatida nishonlanadi.
Hoit – 1949/ Tojikiston
Tojikistonning Xatlon viloyatining Hoit tumanidagi (hozirgi Tojikobod tumani) Hoit shahri bir paytlar yirik bozori, masjidlari, karvonsaroylari bilan gavjum aholi punkti bo‘lgan.
U mamlakat poytaxti Dushanbedan 190 km uzoqlikda joylashgan. Hududda 60 mingdan ortiq aholi istiqomat qilgan. Bir kuni vayronkor zilzila yuz berib, shahar va uning atrofidagi joylardan mutlaqo hech narsa qolmagan.
1949 yil 10-iyulda u yerda 7,5 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Epimarkaz taxminan 20 km chuqurlikda joylashgan. Hududda ikki kun avval yer silkinishi sezilgan, shundan so‘ng yomg‘ir yoqqan. Natijada tog‘ yonbag‘irlaridagi bo‘sh tuproq suvga to‘yingan. Bu ko‘chkini keltirib chiqargan va fojiali oqibatlarga olib kelgan.
Tabiiy ofat natijasida tushgan ko‘chkilar 30 dan ortiq aholi punktlarini qamrab olgan va 30 mingga yaqin odamni tiriklayin ko‘mib yuborgan. Hoitdan tashqari 23 ta aholi punktida deyarli barcha binolar vayron bo‘lgan. Episentrda zilzila magnitudasi 9-10 ballga yetgan. 1967-1970 yillarda hukumat qarori bilan fojia sodir bo‘lgan yerda haykaltarosh Kirey Jumazinning “Motamsaro ona” haykali (“Modari g‘am”) haykali o‘rnatilgan.
Tojikistonning Xoit shahrida 1949-yilda sodir bo‘lgan yer qimirlashi munosabati bilan o‘rnatilgan "Motamsaro ona" haykali
© Sputnik / Gennadiy Ratushenko
Toshkent -1966/ O‘zbekiston
Toshkent zilzilasi 1966-yil 26-aprel kuni ertalab soat 5:23 da Toshkent markaziy qismida sodir bo‘lgan. Zilzila natijasida Toshkentning markaziy qismi deyarli butunlay vayron bo‘lgan. 2 million kvadrat metrdan ortiq turar-joy maydoni, 236 ta ma’muriy bino, 700 ga yaqin savdo va umumiy ovqatlanish obyekti, 26 ta kommunal xo‘jalik, 181 ta ta’lim muassasasi, 36 ta madaniyat muassasasi, 185 ta tibbiyot va 245 ta ishlab chiqarish binolari vayron bo‘lgan.
O‘sha paytda Toshkentda yashagan 1,5 million aholining 78 ming oila yoki 300 mingdan ortiq kishi boshpanasiz qolgan. Vayron bo‘lgan eski bir qavatli loy uylarni tiklash o‘rniga hukumat qarori bilan ularning o‘rnida yangi zamonaviy ko‘p qavatli uylar barpo etilgan. Shahar 3,5 yil ichida butunlay tiklangan.
Zilzila sodir bo‘lgan markazda “Jasorat” monumenti o‘rnatilgan.
Gazli -1976/ O‘zbekiston
Gazli zilzilalari - 1976-yil 8-aprel va 17-mayda, shuningdek, 1984-yil 20-martda Buxoro viloyatining Gazli shahri yaqinida sodir bo‘lgan bir qator vayronkor yer silkinishlari. Zilzila kuchi Rixter shkalasi bo‘yicha 7 ballni, episentrda esa 8-9 ballni tashkil qilgan. Gazli shahrining yarmi vayron bo‘lgan.
Ikkinchi falokatli zilzila o‘sha yilning 17-may kuni sodir bo‘lgan. Magnitudasi Rixter shkalasi bo‘yicha 7,3 ballni tashkil qilgan. Natijada binolarning 90 foizi qulab, shahar deyarli butunlay vayron bo‘lgan, 20 mingdan ortiq odam jabrlangan.
Gazlida yana bir kuchli zilzila 1984-yilning 20-mart kuni sodir bo‘lgan. Magnitudasi- 7,2. Avvalgi zilzilalardan qayta oyoqqa turayotgan shaharda yana bir bor ko‘plab binolar va inshootlar vayron bo‘lgan.
Hozirgi kunda ham Gazlida turli magnitudali zilzilalar bo‘lib turadi.
Qayroqqum – 1985/ Tojikiston
Qayroqqum zilzilasi 1985-yil 13-oktabrda mahalliy vaqt bilan taxminan 22:00 da sodir bo‘lgan. Yer silkinishlari Qayroqqum shahrida (Tojikiston SSR, Leninobod viloyati – hozirgi So‘g‘d), shuningdek, viloyatning eng yaqin shaharlari va qo‘shni O‘zbekiston hududida ham sezilgan.
Halok bo‘lganlar soni rasman 29 nafar ko‘rsatilgan. Biroq mahalliy aholi so‘zlariga ko‘ra, qurbonlar ancha ko‘p bo‘lgan. 100 nafar jarohatlanganlar haqida ma’lum qilingan.
Qayroqqum hodisalari haqida “Episentr” hujjatli filmi ham suratga olingan.
Ochiq manbalar asosida tayyorlandi