Turkiyadagi zilzilada jabrlangan O‘zbekiston fuqarolari bo‘yicha ma’lumot kelib tushmadi – TIV

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyada zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 76 kishiga yetgan.
Sputnik
TOShKENT, 6 fev — Sputnik. Turkiyadagi zilzila oqibatida jabrlangan O‘zbekiston fuqarolari bo‘yicha ma’lumot kelib tushmadi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
“2023 yil 6-fevral Toshkent vaqti bilan soat 11:00 holatiga ko‘ra, mamlakatimizning Turkiyadagi diplomatik vakolatxonalariga zilzila oqibatida halok bo‘lgan va jarohatlangan O‘zbekiston fuqarolari bo‘yicha ma’lumot kelib tushmadi”, - deyilgan vazirlik axborotida.
O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda mamlakatning Anqaradagi elchixonasi (tel.: +90-312-441-38-71, +90-312-441-17-46) va/yoki Istanbuldagi Bosh konsulxonasiga (tel.: +90-212-323-20-37, +90-212-323-20-39) murojaat qilishlari mumkinligi eslatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyada 7,5 magnitudali zilzila sodir bo‘lgani xabar qilingan edi. Mamlakatning kamida to‘rt viloyatida, shuningdek, Suriya shimolida binolarning qulashi qayd etilgan. Turkiyada kuchli zilzilalar tufayli eng yuqori darajadagi ogohlantirish e’lon qilingan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyada zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 76 kishiga yetgan, 440 kishi jabrlangan. Suriya Sog‘liqni saqlash vazirligi zilzila oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 237 kishini tashkil etganini ma’lum qildi, 639 kishi esa jabrlangan.
O‘zbekiston TIV halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan, jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tilagan.