TOShKENT, 6 fev — Sputnik. O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ayni vaqtda Turkiyaning janubiy viloyatlarida bo‘lib turgan fuqarolarga murojaat yo‘lladi.
“Kuchli zilzila qayta sodir bo‘layotgani sababli quyidagilarga qat’iy rioya qilishga chaqiramiz. Agar zilzila sodir bo‘layotgan viloyatlarda bino ichida bo‘lsangiz, hujjatlar va zarur narsalarni olib, tezda binodan chiqing. Xonadan chiqayotganda liftdan emas, zinapoyalardan foydalaning. Ko‘chada qoling, lekin binolar yonida turmang, ochiq joyga o‘ting. Tinchlaning va boshqalarni tinchlantirishga harakat qiling”, - deyiladi xabarda.
O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda mamlakatning Anqaradagi elchixonasiga +905380358534 hamda Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasiga +902123232037, +902123232039 telefon raqamlari orqali murojaat qilishi mumkin.
6 fevral kuni Turkiyaning janubi-sharqiy qismidagi viloyatlarda kuchli yuz berdi. Uning kuchi 7,7 ballgacha baholangan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 1014 kishiga yetgan. Zilzilada O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘lgani yoki jabrlangani haqida ma’lumot kelib tushmagan.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, Turkiyada ro‘y bergan kuchli zilziladan jabr ko‘rganlarga gumanitar yordam hamda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etish uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligining bir guruh qutqaruvchilari jo‘natilishi xabar qilingan edi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining aniqlik kiritishicha, Turkiyaga 60 nafar FVV qutqaruvchilari va 3 ta maxsus avariya-qutqaruv texnikasi yuboriladi. Ular 7-fevral kuni yo‘lga chiqishadi.