JSST: “Omikron”ning XBB.1.5 subvarianti yangi belgilar bilan namoyon bo‘lmoqda

JSST mutaxassislari xulosasiga ko‘ra, “kraken” deb nomlangan XBB.1.5 subvariantining o‘tgan yildagiga nisbatan tabiati birmuncha o‘zgargan.
Sputnik
TOShKENT, 6 fev — Sputnik. Koronavirusning “omikron” shtammining XBB.1.5 subvarianti yangi belgilar bilan namoyon bo‘lmoqda. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lum qildi, deb xabar berdi O‘zbekiston SSV.
Keyingi oylarda qator davlatlarda “omikron” shtammining XBB.1.5 subvarianti keng tarqalmoqda. U hozirgacha ma’lum mutatsiyalar orasida eng yuquvchani sifatida baholanyapti.
Shu sababli tashkilot ekspertlari xastalik hademay Yer yuzi bo‘yicha dominant versiyaga aylanib, bemorlar soni keskin oshishi mumkinligidan tashvishda.
JSST mutaxassislari xulosasiga ko‘ra, “kraken” deb nomlangan XBB.1.5 subvariantining o‘tgan yildagiga nisbatan tabiati birmuncha o‘zgargan.
“Hozircha uni yuqtirganlar orasida og‘ir asoratlar kuzatilmayotgan bo‘lsa-da, ammo bu mutatsiyaga xos yangi alomatlar paydo bo‘layotgani biroz xavotirli hol. Masalan, ko‘ngil aynishi va bel og‘rig‘i shular sirasidan. Bu belgilar bosh og‘rig‘i, diareya, isitma, titroq, charchoq, shuningdek, ta’m va hid bilish qobiliyati yo‘qolishi kabi simptomlar bilan birga kechmoqda”, - deyiladi xabarda.
Shu bois JSST vakillari buster dozada emlanishni tavsiya qilmoqda.
Avvalroq koronavirusning “omikron” shtammi hozir 600 dan ortiq subvariantga ega ekani haqida xabar bergan edik.