Turkmaniston O‘zbekistonga bepul suyultirilgan gaz yetkazib beradi

Prezident Sardor Berdimuhammedov O‘zbekistonga bepul suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘yicha “Türkmengaz” davlat konserniga topshiriq berdi.
Sputnik
TOShKENT, 4 fev — Sputnik. Turkmaniston O‘zbekistonga bepul suyultirilgan gaz yetkazib beradi. Bu haqda Turkmaniston davlat axborot agentligi xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, O‘zbekistonga bepul suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘yicha prezident Sardor Berdimuhammedov “Türkmengaz” davlat konserniga topshiriq berdi.
Bu bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va qardoshlik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda O‘zbekistonni do‘stona qo‘llab-quvvatlash maqsad qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi Buxoro neftni qayta ishlash zavodi quvvatlarini yuklash uchun Turkmanistonning "Petronas Çarigali" kompaniyasidan neft sotib olishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingan edi.
Bu bo‘yicha “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati va "Petronas Çarigali" kompaniyasi delegatsiyasi Turkmanistondan O‘zbekistonga neft yetkazib berish dasturini birgalikda tayyorlash to‘g‘risida kelishuvga erishgan.