TOShKENT, 4 fev — Sputnik. O‘zbekiston va BAA deputatlardan iborat do‘stlik guruhlarini shakllantiradi. Bu haqda Oliy Majlis Senati xabar berdi.
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi delegatsiya BAAga rasmiy tashrif doirasida Birlashgan Arab Amirliklarining Oilani rivojlantirish jamg‘armasi Oliy raisi, Amirliklar aholisi orasida “Millat onasi” deb e’tirof etilgan Fatima bint Mubarak bilan uchrashdi.
Tomonlar O‘zbekiston va BAAda olib borilayotgan islohotlar, xotin-qizlarning davlat rivojidagi hissasi, ushbu yo‘nalishda o‘zaro manfaatli hamkorlik va tajriba almashish kabi masalalalarga e’tibor qaratishdi.
Shuningdek, BAAga kelib turli sabablar tufayli og‘ir vaziyatga tushib qolayotgan o‘zbek ayollari borasida ham o‘zaro fikr almashilib, bunday ayollarga har tomonlama ko‘mak berish masalasi ham muhokama qilindi.
Uchrashuvda quyidagi kelishuvlarga erishildi:
Ikki davlat parlamentlarida ayol deputatlardan iborat do‘stlik guruhlarini shakllantirish va ularning o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish;
O‘zbekiston va BAAning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida talaba qizlar uchun almashinuv dasturlarini ishlab chiqish;
O‘zbekiston – BAA tadbirkor ayollari forumini o‘tkazish.