Urug‘chilik va pistachilik ilmiy markazlari tashkil etiladi

Hukumatning tegishli qarori bilan urug‘chilik va ko‘chat yetishtirishni rivojlantirish milliy dasturi tasdiqlandi - tafsilotlar.
Sputnik
TOShKENT, 3 fev — Sputnik. O‘zbekistonda urug‘chilik hamda pistachilik ilmiy markazlari tashkil etiladi. Bu haqda Hukumatning 51-sonli qarori bilan tasdiqlangan urug‘chilik va ko‘chat yetishtirishni rivojlantirish milliy dasturida nazarda tutilgan.
Milliy dasturga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi ekinlarining sifat ko‘rsatkichlari jahon andozalari talablariga mos bo‘lgan, yuqori hosildor navlarini yaratishda xorijiy tajribalar almashiladi. Shuningdek, mahalliy navlar va F1 duragaylari yaratiladi.
Qaror bilan O‘zbekiston – Serbiya qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligi hamda O‘zbekiston – Turkiya pistachilik ilmiy markazi tashkil etiladi.
Urug‘chilik markazi xorijiy va mahalliy genofonddan samarali foydalangan holda qishloq xo‘jaligi ekinlarining nav hamda duragaylarini yaratish tizimini yanada takomillashtirish bilan shug‘ullanadi. Shu bilan birga, ushbu sohaga ilg‘or xalqaro tajribani joriy etish markazning asosiy vazifalaridan biri sanaladi.
Pistachilik ilmiy markazi mahalliy sharoitlarga mos, serhosil pista navlarini yaratish, ularning kolleksiyasini tashkil etish ishlarini olib boradi.