TOShKENT, 3 fev — Sputnik. Olimlar koronavirusga qarshi vaksinalarni +25 daraja haroratda saqlash yo‘lini topishdi. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Xitoy virusologlari COVID-19ga qarshi qo‘llaniladigan, tarkibida ribonukliyen kislotalari mavjud (Pfizer/BioNTech va Moderna) vaksinalarni xona haroratida olti oydan ortiq vaqt saqlash imkonini beruvchi texnologiyani ishlab chiqishdi.
Qayd etilishicha, bu turdagi emlash vositalari -20 dan -70 darajagacha bo‘lgan sovuq muhitda o‘z foydali xususiyatlarini yo‘qotmaydi. Ammo bu talab ularni saqlash, tashish jarayonini qiyinlashtirib, keng qamrovda foydalanish imkoniyatini cheklaydi.
Olimlar ishlab chiqqan texnologiya orqali +25 daraja iliq haroratda ham vaksinalarning barcha zarur xususiyatlarini saqlab qolish mumkin. U lipid nanozarrachalaridan liofillangan vaksina tayyorlash usuliga asoslangan (vakuumda quritish orqali).
Tadqiqotda aytilishicha, bunday mRNK vaksinalari "omikron" shtammining bir nechta variantlariga qarshi kuchli immunitet hosil qilishda yuqori samaradorlikka ega.
Yangi texnologiya uning biologik faolligiga putur yetkazmasdan emlash vositasi beqarorligini bartaraf etadi. Chekka va olis hududlarda preparatdan qulay foydalanish imkonini beradi.