O‘zbekiston va YeOII

YeOII davlatlari to‘lov tizimlari sohasida hamkorlikni rivojlantirishi kerak - Mishustin

Rossiya bosh vazirining ta’kidlashicha, bu kapitallarning erkin harakatlanishiga ko‘maklashadi.
Sputnik
TOShKENT, 3 fev — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) mamlakatlari to‘lov tizimlari o‘zaro hamkorligini rivojlantirish kapitallarning erkin harakatlanishiga ko‘mak beradi. Bu haqda Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin “Digital Almaty” forumining yalpi majlisida ma’lum qildi

“Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi kapitallarning erkin harakatlanishini ta’minlash uchun “beshlik” davlatlar to‘lov tizimlari o‘zaro hamkorligini rivojlantirish zarur. Bu fuqarolar va biznes, avvalo, kichik va o‘rta biznes manfaatiga xizmat qiladi”, - dedi Mishustin. Uning so‘zlaridan RIA Novosti iqtibos keltirgan.

Rossiya bosh vazirining qo‘shimcha qilishicha, tovarlarning erkin harakatlanishiga YeOII raqamli transport yo‘laklarining ekotizimi yordam berishi kerak. Hujjat yuritish elektron shaklga o‘tkazilishi darkor.
YeOII 2014-yilda Rossiya, Belarus va Qozog‘iston o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida tashkil etilgan xalqaro tashkilotdir. Bu ittifoqqa 2015-yilda Armaniston va Qirg‘iziston a’zo bo‘lgan, Moldova va Kuba kuzatuvchi maqomiga ega. O‘zbekiston 2020-yil dekabr oyida YeOIIda kuzatuvchi davlat maqomini olgan edi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda YeOIIga a’zo mamlakatlar kapitali ishtirokidagi korxonalar soni sezilarli darajada oshdi. Ularning soni 4,5 mingga yetdi.
YeOIIning maqsadi — a’zo davlatlar aholisining turmush darajasini yuksaltirish borasida barqaror rivojlanish uchun sharoitlar yaratish, tovarlar, xizmatlar, kapital va ish resurslarining yagona bozorini shakllantirishga harakat qilish, global iqtisodiyot sharoitida milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini oshirish, har tomonlama modernizatsiyalash va o‘zaro kooperatsiyani rivojlantirishdan iborat.