TOShKENT, 2 fev — Sputnik. O‘tgan yilda O‘zbekiston Respublika valyuta birjasida (O‘zRVB) savdolarning umumiy hajmi rekord darajaga yetdi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Valyuta birjasi axborot xizmati rahbari Gulshan Botirova ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2022-yil yakunlariga ko‘ra O‘zRVBda savdolarning umumiy hajmi rekord daraja - 706,79 trln so‘mga yetgan. Bu o‘tgan yilning mos ko‘rsatkichiga nisbatan o‘sish 81,60 foizni tashkil etadi.
O‘zbekiston valyuta bozori
Valyuta bozorida dollar, yevro, rubl va yuan oldi-sotdisi bo‘yicha spot operatsiyalari O‘zRVB tomonidan ishlab chiqilgan “Rhombus” platformasida "koll-auksion" hamda ikki tomonlama uzluksiz auksion usullari orqali amalga oshiriladi.
2022 yil yakunlari bo‘yicha birja valyuta bozoridagi savdolarning umumiy hajmi 338,34 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos ko‘rsatkichiga nisbatan 1,5 baravarga oshdi.
Ichki valyuta bozorida tijorat banklarining milliy valyuta kursi shakllanishidagi faolligini oshirish maqsadida bozor tamoyillariga muvofiq market-meykerlik faoliyati joriy etildi.
Shuningdek, risklarni samarali boshqarish maqsadida O‘zRVB valyuta bozorida markaziy kontragent faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Markaziy kontragent faoliyati bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan likvidlik provayderlari faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi. Buning oqibatida, riskni boshqarish mexanizmlar ko‘lami kengaytirildi.
Pul bozorida o‘tkazilgan savdolar
Banklararo pul bozorida bugungi kunda O‘zRVBning maxsus elektron platformasi orqali tijorat banklarining bo‘sh pul mablag‘larini 1 kundan bir yilgacha bo‘lgan muddatga jalb qilish va joylashtirish bo‘yicha savdolar o‘tkazildi. Markaziy bankning tijorat banklari bilan depozit auksionlari ham tashkil etildi.
2022 yilda ushbu bozordagi savdolarning umumiy hajmi rekord daraja - 270,61 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan deyarli 93 foizga oshdi.
Davlat qimmatli qog‘ozlari bozori
Ushbu bozorda O‘zRVBning elektron savdo-depozitar platformasi orqali Moliya vazirligining g‘aznachilik majburiyatlari va obligatsiyalari, Markaziy bankning obligatsiyalari birlamchi joylashtirilishi va ikkilamchi muomalasi bo‘yicha savdolar, shuningdek REPO operatsiyalari tashkil etilgan.
2022 yilda ushbu bozorda jami 87,29 trln so‘m qiymatida davlat qimmatli qog‘ozlari joylashtirilgan bo‘lib, 2021-yilga nisbatan ushbu ko‘rsatkich 3,5 baravarga oshdi.
O‘zRVB auksionlarida ilk marotaba muomala davri 10-yil bo‘lgan davlat qimmatli qog‘ozlari joylashtirildi. Bu moliyaviy instrumentlar qatorini diversifikatsiyalash, bozorda “benchmark”ni shakllantirish, shuningdek sug‘urta kompaniyalari va pensiya jamg‘armalarini jalb qilish orqali investorlar bazasini kengaytirishga imkon beradi.