TOShKENT, 2 fev — Sputnik. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Bahromjon A’loyev Qirg‘iziston elchisi Musa Jamanbayevni qabul qildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.
“Tomonlar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 26-27 yanvar kunlari Qirg‘izistonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlarini muhokama qildilar. Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni so‘zsiz amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarga e’tibor qaratildi”, - deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, turli darajadagi rejalashtirilgan tadbirlarning jadvali, tashkiliy va mazmunli jihatlari ko‘rib chiqiladi.
Muzokaralarda hududlararo aloqalarni, shuningdek, madaniyat va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, 26-yanvar kuni Bishkekda bo‘lib o‘tgan "Qirg‘iziston – O‘zbekiston" biznes forumida ikki davlat o‘rtasida taxminan 1,6 milliard dollarlik 50 dan ortiq hujjatlar to‘plami imzolangan edi.