O‘zbekiston Qirg‘izistonga ko‘mir sanoati sohasida yordam beradi

Ta’kidlanishicha, imzolangan kelishuvlar ikki mamlakat energetika sohasini rivojlantirish va elektr energiyasi taqchilligini bartaraf etishga xizmat qiladi.
Sputnik
TOShKENT, 1 fev — Sputnik. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida o‘zbek tomoni qo‘shni respublikaga ko‘mir konlarini rivojlantirishda yordam beruvchi kelishuv imzolangan. Bu haqda Qirg‘iziston energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
“Qirg‘iziston Respublikasi energetika vaziri Taalaybek Ibrayev va O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov ikki mamlakat energetika sohasini rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashish to‘g‘risidagi kelishuv va memorandumni imzoladi”, - deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, imzolangan hujjatlar orasida ko‘mir sanoati sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuv ham bor.
“Uning asosiy maqsadi Qirg‘iziston Respublikasidagi ko‘mir konlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, Qirg‘izistondan O‘zbekistonga ko‘mir eksportini tashkil etish. O‘zbekistondan Qirg‘izistonga uskunalar yetkazib berish va ko‘mir sifatini tahlil qiluvchi laboratoriya yaratish”, - deyiladi vazirlik xabarida.
Vazirlar, shuningdek, gaz va neft sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv hamda umumiy quvvati 1,8 GVt bo‘lgan Chotqol GESlar kaskadi qurilishini amalga oshirish imkoniyatlarini birgalikda o‘rganish bo‘yicha memorandumni imzolagan.
Ta’kidlanishicha, imzolangan kelishuvlar ikki mamlakat energetika sohasini rivojlantirish va elektr energiyasi taqchilligini bartaraf etishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 26-yanvar kuni Bishkekda bo‘lib o‘tgan "Qirg‘iziston – O‘zbekiston" biznes forumida ikki davlat o‘rtasida taxminan 1,6 milliard dollarlik 50 dan ortiq hujjatlar to‘plami imzolangan edi.