Maktab bitiruvchilariga shahodatnoma elektron shaklda beriladi

Bitiruvchilar shahodatnomani elektron platformadan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritish orqali bepul yuklab oladi.
Sputnik
TOShKENT, 1 fev — Sputnik. Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi elektron shahodatnomalarni berish tartibi belgilandi. Bu haqda Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Hukumat qarori bilan Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi elektron shahodatnomalarni berish tartibi haqidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, bitiruvchilarga quyidagi turdagi shahodatnomalar beriladi:
tayanch o‘rta ta’lim to‘g‘risida shahodatnoma (9-sinf);
tayanch o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi a’lo darajali shahodatnoma (9-sinf);
umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnoma (11-sinf);
umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida (kumush medal bilan) shahodatnoma (11-sinf);
umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi a’lo darajali (oltin medal bilan) shahodatnoma (11-sinf);
psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabni (maktab-internat) tamomlaganlik to‘g‘risidagi sertifikat.
Qayd etilishicha, shahodatnoma o‘zbek va ingliz tillarida shakllantiriladi.
Buyurtma berish va shahodatnomani shakllantirish “Elektron shahodatnoma” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Bunda har yili 1-dekabrgacha bitiruvchi haqida tegishli ma’lumotlar platformaga kiritilib, buyurtma shakllantiriladi.
Ta’kidlanishicha, shahodatnomalar bitiruvchilarga har yili 20-iyunga qadar beriladi. Bitiruvchilar shahodatnomani elektron platformadan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritish orqali bepul yuklab oladi.
Qarorga ko‘ra, 2022/2023 o‘quv yili yakunidan “Elektron shahodatnoma” axborot tizimiga bitiruvchilar haqidagi ma’lumotlar kiritib boriladi.