TOShKENT, 1 fev — Sputnik. O‘zbekistonlik Humoyun Bekmurodov dunyoning 576 nafar kuchli shaxmatchilar orasida 3-o‘rinni egalladi. Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev ma’lum qildi.
Kuni kecha Chess.com da dunyo miqyosida 576 nafar kuchli shaxmatchi o‘rtasida “Titled Tuesday” onlayn turniri bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan Bekmurodov 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Humoyun Begmuratov
© Alisher Sadullayev
Ma’lumot uchun, Humoyun 6 yoshidayoq shaxmat bo‘yicha avvaliga mamlakat, so‘ngra Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan.
2020 yilda Humoyun shaxmat bo‘yicha havaskorlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionatida g‘olib chiqdi va “Spark” avtomashinasi bilan taqdirlandi.
U o‘tgan yil fevralida Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) sport ustasi unvoniga sazovor bo‘lgan.
Xumoyun Bekmurodov
© Foto: Federatsiya shaxmat Uzbekistana
Shuningdek, u Gretsiyadagi shaxmat bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida "Open12" guruhida ham rapid, ham blis bo‘yicha kumush medal sohibiga aylangan.
Bu yil rapid va blis bo‘yicha Olmaotada (Qozog‘iston) bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida Bekmurodov hammani hayratga soldi. U Uels vakili Elijah Everettga qarshi o‘yinda chiroyli g‘alabasi bilan yakun yasashga muvaffaq bo‘ldi.