TOShKENT, 31 yanv — Sputnik. Samarqand xalqaro aeroportida turizm axborot markazi ochildi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Samarqand shahrida o‘tgan yili 9 ta turistik axborot markazi faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bu yil ularning soni 18 taga yetkaziladi.
Markazda chet el fuqarolariga quyidagi ma’lumotlar taqdim etiladi:
O‘zbekistonda bo‘lish tartibi;
turistlar uchun qiziqarli bo‘lgan madaniy meros obyektlari;
turistik yo‘nalishlar;
jamoat transporti xizmatlari, avtomobil ijarasi;
umumiy ovqatlanish, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish;
mehmonxonalar, tibbiy yordam markazlari.
Ma’lumot uchun, Samarqand 2023-yilda Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) poytaxti hisoblanadi. UNWTO Bosh assambleyasining yubiley 25-sessiyasi aynan Samarqandda o‘tkaziladi.