Qo‘shimcha elektr stansiyalar qaysi viloyatlarda ishga tushirilishi ma’lum bo‘ldi

Elektr stansiyalar xorijiy kompaniyalar tomonidan 100 foiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga ishga tushiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 31 yanv — Sputnik. Bu yil Sirdaryo, Navoiy, Surxondaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlarida 7 ta elektr stansiya ishga tushiriladi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Mazkur elektr stansiyalarning umumiy quvvati 2910,6 MVt bo‘lib, 1 ta IES, 1 ta shamol, 3 ta quyosh va 2 ta GES yagona elektr tarmog‘iga ulanadi.
Qo‘shimcha elektr quvvatlari ishga tushiriladigan viloyatlar:
Sirdaryo viloyatining Shirin shahri va Boyovut tumanlari hududida quvvati 1500 MVt bo‘lgan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi;
Navoiy viloyatining Tomdi tumanida quvvati 500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi;
Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida quvvati 457 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi;
Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida quvvati 220 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi;
Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida quvvati 220 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi.
Bu elektr stansiyalar xorijiy kompaniyalar tomonidan 100 foiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga amalga oshirilmoqda.
Samarqand viloyatida umumiy quvvati 13,6 MVt bo‘lgan 2 ta gidroelektr stansiya ishga tushiriladi. Shuningdek, To‘palang GES modernizatsiya qilinadi va uning quvvati amaldagi 30 MVtdan 175 (+145) MVtga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2023-yilda 197 megavattli 7 ta loyiha va 10 ta mikro gidroelektr stansiya ishga tushirilishi rejalashtirilganni ma’lum qilingan edi. Shuningdek, kelajakda yana 438 megavattli 8 ta istiqbolli loyiha va 50 ta mikro GES qurish bo‘yicha ishlar ham boshlangan.
O‘tgan yili umumiy quvvati 1 474 MVt bo‘lgan 7 ta yangi elektr stansiya ishga tushirilgan.