Koronavirus pandemiyasi yana uch oyga uzaytirildi – JSST

JSSTning Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi har uch oyda bir marta yig‘iladi.
Sputnik
TOShKENT, 31 yanv — Sputnik. Koronavirus pandemiyasi yana uch oyga uzaytirildi. Kecha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasining 14-yig‘ilishida tegishli qaror qabul qilindi.
Qo‘mita a’zolari SOVID-19 dan o‘lim ko‘rsatkichlari boshqa respirator kasalliklarga nisbatan yuqoriligidan xavotirda ekanligini ma’lum qildi. Qolaversa, past va o‘rta daromadli mamlakatlarda mazkur xastalikka qarshi vaksinalar zaxirasi yetarli emas.
Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab ommaviy immunitetni shakllantirish infeksiyani jilovlashga yordam beradi. Biroq koronavirus kelgusida odamlar va hayvonlarda doimiy patogen bo‘lib qolishi mumkin.
Ma’lumot uchun, JSSTning Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi har uch oyda bir marta yig‘iladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq JSST Xitoy karantin cheklovlarini olib tashlagach, o‘lim ko‘rsatkichlari soni o‘sa boshlaganini ma’lum qilgani xabar qilingan edi.