TOShKENT, 31 yanv — Sputnik. Endi hokimlarga paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatiga noqonuniy aralashish man etiladi. Bu haqda prezident imzolagan 23-sonli qarorda nazarda tutilgan.
Hujjat bilan, mahalliy davlat hokimiyati organlariga quyidagilar qat’iyan man etiladi:
paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatiga noqonuniy aralashish;
ularning ta’sischilarini yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga chaqirish;
fermerlar bilan bo‘ladigan munosabatlariga ta’sir o‘tkazish.
Shuningdek, paxta-to‘qimachilik klasterlariga to‘rt tomonlama bitim doirasida olingan majburiyatlardan tashqari qo‘shimcha majburiyatlarni yuklash taqiqlanadi.
2023 yil hosilidan har yili 1-oktabrgacha paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan fermer xo‘jaliklari bilan kelgusi yil hosili uchun paxta yetishtirish bo‘yicha fyuchers shartnomalari tuziladi (2023 yil hosili uchun 2023-yil 1-fevralga qadar).
Shu bilan birga, shu yildan boshlab xorijdan olib kelingan va respublikada ishlab chiqarilgan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlarini sotib olgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga ular qiymatining 30 foizi qoplab beriladi.
Paxta yetishtiriladigan maydonlarni nasos orqali sug‘orishda sarflanadigan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foizigacha qismi qoplab beriladi.
Qolaversa, 2025-yil 1-yanvargacha import qilinadigan ayrim mineral o‘g‘itlarga bojxona bojining “nol” stavkasi qo‘llaniladi.