Nukusdagi turar-joy binosida chaqnash sodir bo‘ldi

Hodisa 29-yanvar kuni soat 16:15 larda sodir bo‘lgan.
Sputnik
TOShKENT, 30 yanv — Sputnik. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahar “Temir jol” mahallasida chaqnash sodir bo‘ldi. Bu haqda Favqullodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa 29-yanvar kuni soat 16:15 larda “Temir jol” MFYda joylashgan 4 qavatli uyda havo-gaz aralashmasining chaqnashidan kelib chiqqan.
Chaqnash oqibatida 2 nafar fuqaro kuyish tan jarohati bilan shahar shifoxonasiga joylashtirilgan. Fuqarolar zaruriy tibbiy hamda psixologik yordamni olgan va ayni vaqtda ular shifoxonadan chiqarilgan.
Voqea oqibatida bino konstruksiyalariga qisman shikast yetgan.
Keyingi ma’lumotlarga ko‘ra, olib borilgan qidiruv-qutqaruv ishlari davomida vayronalar ostida qolib ketgan 5 yoshli qizaloq turli darajadagi jarohatlar bilan qutqaruvchilar tomonidan chiqarib olinib, malakali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifoxonaga yuborilgan.
Shuningdek, bino konstruksiyalari orasidan qidiruv-qutqaruv ishlari olib borish jarayonida bir nafar fuqaroning jasadi topilgan.

“Ayni vaqtda binoning konstruksiyalarini tozalash ishlari davom ettirilmoqda”, - deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, voqea yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.