Eronning Isfahon shahridagi o‘q-dori ombori dronlar hujumiga uchradi

Ulardan biri havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi komleksi tomonidan urib tushirilgan.
Sputnik
TOShKENT, 29 yanv — Sputnik. Eron Mudofaa vazirligining Isfahon shahridagi o‘q-dori omboridagi portlashlar uchuvchisiz uchar qurilmalar hujumi oqibatida ro‘y berdi, deb xabar bermoqda IRNA agentligi mamlakat vazirligi bayonotiga tayangan holda.
“28 yanvar kuni kechqurun soat 23:30 lar atrofida Mudofaa vazirligining markazlaridan biriga uchuvchisiz uchar qurilmalardan foydalangan holda muvaffaqiyatsiz hujum amalga oshirildi. Ulardan biri havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi komleksi tomonidan urib tushirildi, qolgan ikkitasi mudofaa tuzoqlariga tushirildi va portlab ketdi”, - deyiladi Eron Mudofaa vazirligi xabarida.
Qayd etilishicha, hujum oqibatida hech kim jabrlanmagan, harbiy obyektga kichik zarar yetkazilgan. Bu qanday dronlar bo‘lgani va hujum sabablari ochiqlanmagan.