Dzudochi Obidxon No‘monov Portugaliyadagi Gran-prida oltin medalni qo‘lga kiritdi

Almadadagi Gran-prida o‘zbekistonlik dzudochining chempionlik bahsi qozog‘istonlik Jansay Smagulovga qarshi kechdi.
Sputnik
TOShKENT, 29 yanv — Sputnik. Dzudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Obidxon No‘monov Portugaliyadagi (Almada) Gran-pri chempioniga aylandi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar qildi.
Xalqaro musobaqada -73 kg vazn toifasida ishtirok etgan No‘monov barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratdi. O‘zbekistonlik dzudochining chempionlik bahsi qozog‘istonlik Jansay Smagulovga qarshi kechdi.
“O‘zining faol harakatlari bilan ajralib turgan No‘monov dastlab vazari, so‘ng ippon bahosini qo‘lga kiritib, faoliyatida Gran-pri turnirlaridagi ilk oltin medalga ega chiqdi”, - deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Almada shahridagi dzudo bo‘yicha Gran-pri musobaqasida Muhriddin Tilovov oltin medalga sazovor bo‘lgani xabar qilingan edi.