TOShKENT, 29 yanv — Sputnik. Chelyabinsk viloyatida O‘zbekistonning faxriy konsulxonasini ochish masalasini ko‘rib chiqish zarur. Bu haqda Rossiyaning Chelyabinsk viloyati gubernatori o‘rinbosari Ivan Kutsevlyak ma’lum qildi.
“Dunyo” AA xabariga ko‘ra, O‘zbekistonning Yekaterinburgdagi Bosh konsulxona xodimlari Chelyabinsk viloyatida bo‘lib, hudud gubernatori o‘rinbosari Ivan Kutsevlyak bilan muloqot o‘tkazishgan.
Kutsevlyak O‘zbekiston hududlari va Chelyabinsk viloyati o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha katta salohiyat borligini qayd etdi.
“Bizda Toshkent shahri va Buxoro viloyati hokimliklari bilan savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik va ijtimoiy-madaniy sohalarda hamkorlik to‘g‘risida bitim ishlab chiqilgan. Ushbu hujjatning yaqin muddatda imzolanishi o‘zaro munosabatlarda muhim ahamiyat kasb etadi, deb o‘ylayman. Shuningdek, Chelyabinsk viloyatida O‘zbekistonning faxriy konsulxonasini ochish, shuningdek, O‘zbekiston hududlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar sonini oshirish singari masalalarni ko‘rib chiqish zarur”, - dedi u.
Uchrashuvda shu yilning ikkinchi choragida Chelyabinsk shahrida "Made in Uzbekistan" mahsulotlar ko‘rgazmasini o‘tkazish taklifi bildirildi.
Shuningdek, Ikkinchi jahon urushi vaqtida Ural mintaqasi, shu jumladan, Chelyabinsk viloyatidagi sanoat korxonalariga safarbar qilingan minglab o‘zbekistonliklar xotirasiga atab Chelyabinsk shahrida yodgorlik o‘rnatish masalasi xususida fikr almashildi. Viloyat vakillari bu takliflarga ijobiy munosabat bildirdi.