TOShKENT, 29 yanv — Sputnik. Angrendagi “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJ Rossiyaning “Tatneft” kompaniyasiga 80 million dollarga sotildi. Bu haqda “O‘zkimosanoat” matbuot xizmati xabar berdi.
“Deloitte” kompaniyasi zavodning barcha kredit majburiyatlari va mavjud qarzdorliklarini inobatga olib, uni 843 mlrd so‘mga (75 mln dollar) baholagan.
2022 yilning 1-2 dekabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Rossiya biznes-forumi doirasida “Tatneft” kompaniyasi bilan zavodning 100 foiz ulushini mavjud barcha kredit majburiyatlari va qarzdorliklarni o‘z zimmasiga olgan holda 80 mln dollarga sotib olishi yuzasidan kelishuvga erishilgan.
Oldi-sotdi shartnomasi esa 20-yanvar kuni imzolangan.
Ma’lumot uchun, 2022-yil 31-dekabr holatiga ko‘ra “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJning 91,8 foiz ulushi “O‘zkimosanoat” AJga va 8,2 foiz ulushi “O‘zkimoimpeks” MChJga tegishli edi. Shuningdek, mazkur korxonaning jami 153 mln dollarga teng kredit majburiyatlari hamda qarzdorligi mavjud.