TOShKENT, 29 yanv — Sputnik. 2023-yil 1-fevraldan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida qator o‘zgarishlar ro‘y beradi. Sputnik ular haqida ma’lumot tayyorladi.
Advokatlar orderi elektron bo‘ladi
Advokatlik tuzilmalari advokatlarga muayan ishni olib borish uchun beriladigan an’anaviy shakldagi order maqomiga teng bo‘lgan maxsus QR-kod qo‘yilgan "Elektron advokatlik orderi"ni berish amaliyotini yo‘lga qo‘yadi.
Order muqobillik asosida qog‘oz shaklda rasmiylashtirilganida, ushbu order haqidagi ma’lumotni "Yuridik yordam" axborot tizimiga kiritish majburiy hisoblanadi.
Advokat so‘rovi shakliga qo‘yilgan talablar, shu jumladan unga orderning ko‘chirma nusxasini ilova qilish, orderni qayd etish daftarini yuritish talablari bekor qilinadi.
Savdo-sanoat palatasi a’zoligiga tekin qabul qilinadi
2023 yil 1-fevraldan boshlab mikro, kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlari palata a’zoligiga, a’zolik va kirish badallaridan ozod qilingan holda tekin qabul qilinadi.
Qonunda nazarda tutilgan a’zolik bilan bog‘liq palata xizmatlaridan to‘laqonli foydalanish huquqiga ega, palata tomonidan ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha pullik xizmatlar bundan mustasno.
Zargarlik buyumini ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbikorlarga (YaTT) bank kafolati beriladi
Qimmatbaho metallarni tovar-xomashyo birjasi orqali kechiktirib to‘lash sharti bilan sotganda:
- sotib olingan qimmatbaho metallar uchun to‘lov majburiyatlarini "O‘zmilliyban" AJning kafolati bilan bir qatorda boshqa banklarning kafolatlari hamda tegishli tashkilotning kafilligi bilan ham ta’minlashga;
- bank kafolatini zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi YaTTlarga ham berishga;
- to‘lov majburiyatlarini ta’minlash maqsadida beriladigan bank kafolati bo‘yicha xizmat haqini taraflarning kelishuviga asosan qat’iy miqdordagi summada belgilashga ruxsat etiladi.
Qiymati 100 million so‘mgacha zargarlik buyumlarini bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan olib chiqish mumkin
Quyidagilarga ruxsat etiladi:
- rezident va norezident jismoniy shaxslarga — qiymati 100 million so‘mgacha bo‘lgan tayyor zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan, 100 million so‘m va undan ortiq bo‘lganlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqishga;
- zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi YaTTlarga — zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirgan holda, ma’lumotlarni Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritmasdan O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga tijorat maqsadlarida olib chiqishga.
Nodavlat notijorat tashkilotilari adliya organiga taqdim etadigan hisobot shakli o‘zgaradi
Adliya vazirining tegishli buyrug‘iga asosan 1-fevraldan boshlab NNTlar adliya organiga taqdim etadigan hisobot shaklining yangi tahriri kuchga kiradi.