TOShKENT, 28 yanv — Sputnik. Tailand poytaxtida boks bo‘yicha U-22 Osiyo chempionatida mamlakat sharafini munosib himoya qilgan sportchilar poytaxtga qaytib kelishdi. Ular Toshkent xalqaro aeroportida kutib olindi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
18-26 yanvar kunlari Tailand poytaxtida boks bo‘yicha U-22 Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoa ham erkaklar, ham ayollar toifasida umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, o‘zbek boksi hamon qit’ada yetakchi ekanini ko‘rsatdi.
O‘zbekiston terma jamoasi qatorasiga ikkinchi yil mazkur yosh toifasidagi qit’a birinchiligida g‘alaba qozonmoqda. Bu yilgi bellashuvlarda bokschilar 14 ta oltin, 4 ta kumush va 3 ta bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.