TOShKENT, 28 yanv — Sputnik. Bugun Nodirbek Abdusattorov "Tata Steel Chess-2023" musobaqasining 12-turida amerikalik Uesli Soga qarshi o‘yin o‘tkazadi.
12-tur bahslari doirasida “Masters” guruhida peshqadamlikni bermayotgan Nodirbek Abdusattorov (2713) bu gal amerikalik Uyesli Soga (2760) qarshi dona suradi.
“Chellenjer” guruhida 3-o‘rinni egallab turgan Javohir Sindorovga (2654) eronlik Amin Tabatabei (2686) raqiblik qiladi.
O‘zbek shaxmatchilari qora donalarda o‘ynaydi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 18:15 da boshlanadi. Uni musobaqa tashkilotining rasmiy sahifasi orqali tomasha qilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, musobaqaning 11-turida "Masters" guruhining yetakchilari Nodirbek Abdusattorov hamda niderlandiyalik Giri Anish o‘rtasidagi bahs durang natija bilan yakunlandi.
Qiziqarli taktikalarga boy o‘yinda tomonlar murosa ko‘chasini tanlashdi va o‘z hisoblariga 0.5 ochkodan yozib qo‘yishdi. Ushbu bahsdan so‘ng ochkolari hisobini 7.5 taga yetkazib olgan Abdusattorov hamon peshqadamlikni saqlab turibdi.
Oq donalarda niderlandiyalik Maks Varmerdamga qarshi bahs olib borgan Javohir Sindorov ham durang qayd etdi. Ushbu natijadan so‘ng Sindorov ochkolarini 7 taga yetkazib oldi va sovrinli o‘rinlar uchun kurashni davom ettirmoqda.