SamDU rektori Moskva davlat universiteti faxriy professori unvoniga sazovor bo‘ldi

Faxriy unvonni Moskva davlat universiteti rektori Viktor Sadovnichiy shaxsan topshirdi.
Sputnik
TOShKENT, 27 yanv — Sputnik. Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov Moskva davlat universiteti faxriy professori unvoniga sazovor bo‘ldi. Bu haqda universitet matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Rustam Xolmurodovga MDU tashkil etilganining 268-yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda faxriy professori unvoni berildi. Faxriy unvonni Moskva davlat universiteti rektori Viktor Sadovnichiy shaxsan topshirdi.
Mazkur unvon xalqaro ta’lim va akademik aloqalarni rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan hamda Moskva universiteti bilan samarali hamkorlik qilganlarga beriladi.
Qayd etilishicha, hozirda Samarqand davlat universiteti Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti bilan yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. Universitetlar tarix, arxeologiya, matematika, mexanika, fizika, kimyo, psixologiya, geografiya va ekologiya, biologiya yo‘nalishlarida ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda.
Tomonlar qo‘shma nashrlar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, monografiyalar nashr etishda katta tajribaga ega.
O‘tgan yili 26-28 oktabr kunlari Samarqand davlat universitetida Rossiya va O‘zbekiston yetakchi oliy o‘quv yurtlari rektorlari ishtirokida III Rossiya-O‘zbekiston ta’lim forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Universitetlararo darajadagi muloqot 2023-yil mart oyida Moskva universitetida bo‘lib o‘tadigan Yevroosiyo universitetlari assotsiatsiyasi kongressi vaqtida davom etadi.
Ma’lumot uchun, Moskva davlat universiteti Rossiyadagi ilmiy va pedagog kadrlar tay-yorlaydigan eng yirik oliy o‘quv yurti hisoblanadi. U 1755-yil M. V. Lomonosov tashabbusi bilan tashkil qilingan. 1992-yil universitet o‘zini o‘zi boshqaruvchi Rossiya davlat oliy o‘quv yurti makrmini olgan.