Yil oxirigacha 70% abonentlarda suv hisoblagichlar o‘rnatiladi - "O‘zsuvta’minot"

Yil oxiriga qadar O‘zbekistonda ichimlik suvi bilan ta’minlangan aholi ulushini 77 %ga yetkazish rejalashtirilgan.
Sputnik
TOShKENT, 26 yanv - Sputnik. O‘zbekistonda yil oxiriga qadar suv hisoblagichlar o‘rnatilgan abonentlar ulushi 70 %ga yetkaziladi. Bu haqida "O‘zsuvta’minot" AJ Sputnik muxbiriga ma’lum qildi.
"Suv hisoblagichlari mavjud iste’molchilar 2,83 milliontadan 3,2 milliontaga oshirilib, suv hisoblagichlari bilan ta’minlanganlik darajasi 70 foizga yetkaziladi", - deyiladi xabarda.
Shuningdek, 2023-yilda iste’molchilar bazasida abonentlarning soni 4,4 milliontadan 4,6 milliontaga hamda "O‘zsuvta’minot" AJ tasarrufidagi korxonalarda jami 628 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish ham belgilangan.
Undan tashqari, ichimlik suvi va oqava suvlar tarmog‘i xalqaro moliya institutlarining 265,8 million dollar mablag‘i hisobidan rivojlantirish ham rejalashtirilgan.
Xususan, yil davomida 400 kilometrdan ortiq ichimlik va 120 kilometr oqova suv tarmoqlarini yotqizish, 1 ta suv tozalash va 18 ta suv taqsimlash inshootini, 2 ta oqova suv tozalash inshootini, 15 ta oqova suv nasos stansiyasini qurish rejalashtirilgan.
Jumladan, joriy yilda Guliston va Yangiyer shaharlarida kunlik umumiy quvvati 37 ming kub metr bo‘lgan 2 ta oqova suv tozalash inshooti foydalanishga topshiriladi.
Shu tariqa "O‘zsuvta’minot" AJ yil oxiriga qadar ichimlik suvi bilan ta’minlangan aholi ulushini 77%ga, oqova suv xizmati bilan qamrab olinganlik darajasi esa 19,5 foizga yetkazishni rejalashtirgan.
Ma’lumot uchun, yanvar oyining boshida "O‘zsuvta’minot" O‘zbekistonda aholining ichimlik suvibilan ta’minlanganlik darajasi 74%ga yetkazilgani haqida ma’lum qilgan edi.
Aytish joizki, O‘zbekiston prezidenti tomonidan 2021-yilda e’lon qilingan "Barqaror rivojlanish strategiyasida" 2030-yilga kelib aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasini 100 %ga yetkazish belgilangan.