TOShKENT, 26 yanv — Sputnik. Internetda narkotik moddalar reklamasi joylashtirilgan 1 300 dan ortiq resurslar o‘chirildi. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, narkotik moddalar reklamasi joylashtirilgan manzil haqida xabar qabul qiluvchi telegram-bot ishga tushirilganidan so‘ng, unga jamoatchilik tomonidan ko‘plab ma’lumotlar kelib tushmoqda.
Bu ma’lumotlar asosida AOKA va IIV organlari bilan hamkorlikda tegishli o‘rganishlar olib borildi.
Natijada shu kunga qadar ijtimoiy tarmoqlarda narkotik moddalar reklamasi, manzili haqida ma’lumot beruvchi 1 300 dan ortiq resurs faoliyati to‘xtatildi.
Bundan tashqari, Ichki ishlar vazirligi giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq bo‘lgan Telegram kanallar va botlarni reklama qiluvchi devoriy yozuvlari (graffiti)ni tezkorlik bilan olib tashlash choralarini ko‘rmoqda.
Bu bo‘yicha o‘tgan yili jami 2962 ta "narko-graffiti"lar aniqlanib, bartaraf etildi.
Xabarda narkotik moddalar reklamasi joylashtirilgan barcha ma’lumotlarni @stopnarko_bot ga yuborish so‘ralmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yil AOKA hamda Ichki ishlar vazirligi yangi telegram botni ishga tushirgan edi. Mazkur bot orqali narkotik moddalar reklamasi joylashtirilgan manzil yoki lokatsiya koordinatalari haqida tezkor xabar yuborish mumkin. Olingan ma’lumotdan ichki ishlar organlari xabardor qilinadi va narkotiklar reklamasi o‘chiriladi.