Mirzamahmudov “Gazprom” bilan tuzilgan “yo‘l xaritasi” yuzasidan izoh berdi

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, "yo‘l xaritasi" tijoriy narxlar bo‘yicha kelishilsa Rossiyadan gaz import qilishni ko‘zda tutadi.
Sputnik
TOShKENT, 26 yanv — Sputnik. O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi bilan gaz importi masalasida tuzilgan “yo‘l xaritasi” yuzasidan izoh berdi.
“Bu Rossiyadan tabiiy gazni import qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘zda tutuvchi yo‘l xaritasi hisoblanadi. Ya’ni texnik shartlarni o‘rganamiz, keyin texnik imkoniyatlardan kelib chiqib, tijoriy narxlar bo‘yicha kelishsak, Rossiyadan gaz import qilish ko‘zda tutiladi”, - dedi vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, gaz quvurga kirgandan keyin hamma iste’molchilarga — aholiga ham, barcha ishlab chiqaruvchi korxonalarga ham tarqatiladi. Bu yerda umuman gaz transport tizimini xususiylashtirish yoki boshqaruvga berish degan gap yo‘q.
“Avval ham, masalan, Turkmanistondan Xitoyga ketadigan gazni aytganman, O‘zbekiston, Turkmaniston, Xitoy, Qozog‘iston hududida koordinatsion qo‘mita bor, texnik imkoniyatlarning hammasini birgalikda o‘rganib chiqadi”, - dedi Mirzamahmudov.
Eslatib o‘tamiz, 24-yanvar kuni O‘zbekiston Energetika vazirligi va "Gazprom" kompaniyasi o‘rtasida gaz sohasida hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolandi. Unga muvofiq tomonlar o‘rtasida tuzilgan ishchi guruh Qozog‘iston va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi “O‘rta Osiyo – Markaz” gaz quvuri orqali gaz tranzitini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan texnik chora-tadbirlarni o‘rganadi. Ishchi guruh texnik jihatdan barcha ishlarni yakunlagandan so‘ng tabiiy gazni yetkazib berish bo‘yicha asosiy shartlar muhokama qilinadi.