Elektromobillar importi yana 2,6 baravar o‘sdi

Elektromobillar importi 2021-yilning mos davri bilan solishtirilganda 1371 taga oshgan.
Sputnik
TOShKENT, 26 yanv — Sputnik. O‘zbekiston 2022-yilda xorijdan qiymati 69,8 million dollarga teng bo‘lgan 2 180 dona elektromobil import qilgan. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.
Elektromobillar importi 2021-yilning mos davri bilan solishtirilganda 1371 taga oshgan.
O‘zbekiston 2022-yilda eng ko‘p elektromobil import qilgan davlatlar:
Xitoy – 1 941 dona;
BAA – 111 dona;
Germaniya – 58 dona.
Shuningdek, Gonkongdan 42 dona, Litvadan 10 dona, Koreyadan 7 dona va boshqa davlatlardan 11 dona elektromobil import qilingan.
Aytish joizki, O‘zbekistonda elektromobillar importi sur’ati o‘sishi bir necha yildan buyon kuzatilmoqda. Xususan, 2021-yilda O‘zbekistonga qiymati 16,9 mln dollarga teng bo‘lgan 809 ta elektromobil import qilingan edi. Bu 2020-yilga nisbatan 679 taga yoki 6,2 baravarga ko‘p.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq elektromobil tarmog‘ini rivojlantirish uchun qator yengilliklar berilishi xabar qilingan edi. 2023-2025 yillarda davlat boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklar va davlat ulushi 50 foizdan ko‘p bo‘lgan korxonalarning elektromobillar xarid qilishi ham qo‘llab-quvvatlanadi. Elektromobillarda yo‘lovchi tashish xizmati ko‘rsatuvchi shaxslarga litsenziya uchun davlat boji to‘lashda yengillik beriladi.