TOShKENT, 26 yanv — Sputnik. Buxoroda “Sinepar” siropini ichish tufayli bolalar o‘limi kuzatilgani haqidagi yolg‘on xabar tarqatilganligi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar berdi.
Aytilishicha, “BUKHARA NEWS” axborot resursi tomonidan ma’lumotlarning haqqoniyligi o‘rganilmasdan videomurojaat e’lon qilinganligi oqibatida aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar tarqatilgan.
Bu holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 244¹-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlarini olib borish viloyat IIBga yuklatildi.
Tergov jarayoni to‘g‘risida qo‘shimcha axborot beriladi.
Ma’lumot uchun, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunining 12¹- moddasida axborot resursining egasi, shu jumladan blogerlarga o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga yoxud boshqa axborot resursiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtirilguniga qadar uning to‘g‘riligini tekshirish majburiyati yuklatilgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha Sog‘liqni saqlash vazirligi Buxoro viloyatida “Sinepar” siropini ichgan 23 nafar bola vafot etgani haqida xabarlar mutlaqo asossiz va haqiqatga zid ekanligini ma’lum qilgan edi.
Vazirlik xabariga ko‘ra, o‘rganishlar davomida viloyatdagi tibbiyot muassasalarida davolangan bolalarda ushbu preparatni qabul qilish tufayli hech qanday o‘lim holati kuzatilmagan.