Oilaviy tadbirkorlikka moliyaviy ko‘mak ko‘lami kengaytiriladi

Avval oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kredit olib, yaxshi natija ko‘rsatgan tadbirkorlar bu dasturlar doirasida yana imtiyozli kreditlar olishi mumkin bo‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 25 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda oilaviy tadbirkorlikni yanada rag‘batlantirish maqsadida moliyaviy ko‘mak ko‘lami kengaytiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini ta’minlash hamda kichik biznesni rivojlantirishga qo‘shimcha sharoitlar yaratish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Jumladan, 2023-yilda:
tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish uchun kredit miqdori amaldagi 225 million so‘mdan 300 million so‘mgacha oshiriladi;
dehqon xo‘jaliklariga garovsiz kredit miqdori 50 million so‘mgacha oshiriladi (amalda 33 million so‘m);
avval oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kredit olib, yaxshi natija ko‘rsatgan tadbirkorlar ushbu dasturlar doirasida yana imtiyozli kreditlar olishi mumkin bo‘ladi (hozir faqat bir marta olish mumkin);
kreditlarning bir qismini plastik kartaga olishga ruxsat beriladi.
2023 yilda oilaviy tadbirkorlik dasturiga 12 trillion so‘m beriladi (2022 yilda – qariyb 10 trillion so‘m).
Prezident yaqinda imzolagan qarorga ko‘ra, oilaviy tadbirkorlikka qo‘shimcha 300 million dollar ajratiladi.
Yig‘ilishda ilgari ajratilgan kreditlarning qaytarilishi masalasiga to‘xtalib o‘tildi.
"Hokimlar bu mablag‘larni qaytarishni o‘ylamasa, oilaviy tadbirkorlik qayerdan bo‘ladi? Axir bu pullar qaytsa, yana tumanning o‘ziga beriladi-ku!", - dedi prezident.
Mutasaddilarga ushbu masalani qat’iy nazoratga olish topshirildi. Shuningdek, bandlik vaziriga yangi vazirlikka budjetdan ajratilgan 1,5 trillion so‘mni avvalo eng og‘ir mahallalarda kambag‘allikni qisqartirishga yo‘naltirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
O‘tgan yilda kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizga tushdi – prezident
Bosh vazir o‘rinbosariga, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga viloyat hokimliklari bilan birga jalb qilingan 135 million dollarlik kredit liniyasi bo‘yicha og‘ir mahallalar kesimida tadbirkorlik loyihalari paketini shakllantirib, ushbu mahallalarda kamida 50 ming aholini band qilish vazifasi qo‘yildi.

Mavzuga oid:

O‘tgan yilda kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizga tushdi – prezident
Kichik tadbirkorlarga bir qator moliyaviy yordam ko‘rsatiladi