TOShKENT, 25 yanv — Sputnik. O‘zbekiston Energetika vazirligi Rossiyaning "Gazprom" kompaniyasi bilan imzolangan gaz sohasida hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tafsilotlarini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 24-yanvar kuni Energetika vazirligi va "Gazprom" kompaniyasi o‘rtasida gaz sohasida hamkorlik bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilgan. Unda Rossiyadan O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berishning texnik imkoniyatlari muhokama qilingan.
“Imzolangan “yo‘l xarita”ga muvofiq tomonlar o‘rtasida tuzilgan ishchi guruh Qozog‘iston va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi “O‘rta Osiyo – Markaz” gaz quvuri orqali gaz tranzitini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan texnik chora-tadbirlarni va o‘rganishni kelishib olindi”, - deyilgan vazirlik xabarida.
Ishchi guruh texnik jihatdan barcha ishlarni yakunlagandan so‘ng tabiiy gazni yetkazib berish bo‘yicha asosiy shartlarni muhokama qilinadi.
Ta’kidlanishicha, olib borilgan muzokaralar hamda “yo‘l xaritasi”da O‘zbekistonning mavjud gaz transporti tizimiga egalik huquqini to‘liq saqlagan holda ichki bozorga tabiiy gaz zarur miqdorlarda yetkazib berish maqsad qilingan.
“Bunda gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetimizga qandaydir tahdid umuman yo‘q”, - deyiladi xabarda.
Energetika vazirligi kelgusida bu yo‘nalishdagi barcha ishlar O‘zbekistonning milliy manfaatlarini to‘liq himoya qilgan holda amalga oshirilib, natijalari yuzasidan doimiy ravishda jamoatchilikka ma’lum qilib borilishini qo‘shimcha qilgan.