TOShKENT, 25 yanv — Sputnik. Bahorning ilk kunlari O‘zbekistonda jahon balet durdonalari namoyishiga bag‘ishlangan Xalqaro balet festivali bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi xabar berdi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatrida 1–19 mart kunlari Xalqaro balet festivali o‘tkaziladi.
Mazkur nafis raqs shodiyonasining keng miqyosli dasturlari doirasida turli mamlakat va balet maktablarining mashhur sahna asarlari namoyish etiladi.
Namoyish etiladigan asarlar:
Buyuk Britaniya - “Jungli kitobi yangi ijroda” baleti Akram Xonning sahnalashtiruvchi rejissorligida;
Shveysariya - Moris Bejar baleti;
Rossiya - Boris Eyfman teatri rahbarligidagi “Pigmalion aks ta’siri” va “Yevgeniy Onegin” spektakllari;
O‘zbekiston - “Ipak yo‘li” hamda “Lazgi – muhabbat va qalb raqsi” milliy baleti.
Jahonning mashhur san’atkorlari tashriflari doirasida konsert dasturlari, spektakllar, mahorat darslari tashkil etiladi. Tajriba almashish, madaniyatlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun imkon yaratiladi.