O‘zbekiston va “Gazprom” hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasi imzoladi

Aleksey Miller va O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov o‘rtasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Sputnik
TOShKENT, 24 yanv — Sputnik. “Gazprom” rahbari Aleksey Miller va O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov gaz sanoati sohasida hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasini imzoladi. Bu haqda Rossiya kompaniyasi ma’lum qildi.

“Aleksey Miller va O‘zbekiston respublikasi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov o‘rtasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar o‘zaro hamkorlikning dolzarb va istiqbolli masalalarini ko‘rib chiqdi. Uchrashuvda Aleksey Miller va Jo‘rabek Mirzamaxmudov gaz sanoati sohasida hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasini imzoladi”, - deyiladi xabarda.

Kuni kecha O‘zbekiston bosh vaziri Energetika vazirligi joriy yilda, jumladan, tabiiy gaz importi bilan bog‘liq masalalarni qayta ko‘rib chiqishi lozimligini ta’kidlagandi. Vazirlik boshqa muqobil hamkorlar bilan muzokaralar o‘tkazishi, kelishuvlarga erishish bo‘yicha oldindan barcha zarur tadbirlarni amalga oshirishi shartligi qayd etilgandi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev o‘tgan yil noyabr oyi oxirida Kremlda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Rossiya gazini Qozog‘iston va O‘zbekiston hududi orqali tashish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirish uchun O‘zbekiston ishtirokida “uch tomonlama gaz ittifoqi”ni tashkil etish masalasini muhokama qilgan edi.
“Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston gaz sohasida, jumladan, gaz yetkazib berish va uni qayta ishlash sohasida hamkorlik qilish uchun katta salohiyatga ega”, - degandi Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak.
O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov dekabr boshida OAVga yo‘llagan videomurojaatida O‘zbekiston qo‘shni davlatlardan gaz va elektr energiyasini qandaydir ittifoq orqali emas, balki tijorat shartnomalari asosida import qilish niyatida ekanini aytgan edi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ushbu kelishuv ishtirokchilarining barchasi faqat o‘zlarining tijorat manfaatlari maqsadida harakat qilishini nazarda tutishini ta’kidlagandi.

Mavzuga oid:

Kreml gaz ittifoqi qanday shartlarda tashkil qilinishini aytdi
Uch tomonlama gaz ittifoqini tuzishning qanday ijobiy tomonlari bor – Marsinkevich
Gaz ittifoqini tuzish g‘oyasida siyosiy o‘yin yo‘q – Lavrov
Mirziyoyev gaz bo‘lmagan hududlarga suyultirilgan gaz yoki ko‘mir yetkazish vazifasini qo‘ydi
Gaz zaxiralarini ko‘paytirish uchun 10-yillik dastur qabul qilinadi – prezident