TOShKENT, 23 yanv — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) uchun ustuvor vazifalardan biri texnologik salohiyatni rivojlantirish va bu sohada haqiqiy mustaqillik bo‘lishi kerak, deydi Rossiya prezidenti Vladimir Putin YeOIIga a’zo davlatlar rahbarlariga yo‘llagan murojaatida.
“Shubhasiz, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo mamlakatlarning texnologik salohiyatini rivojlantirish, bu sohada chinakam mustaqillik va o‘zini-o‘zi ta’minlashga erishish hamkorlikdagi ishlarning eng muhim strategik ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi kerak. Iqtisodiyotning avtomobilsozlik va kimyo sanoati, transport mashinasozligi, mikroelektronika, samolyotsozlik, kemasozlik, farmatsevtika, raqamli ekotizimlar, muqobil energiya, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, biotexnologiya va urug‘chilik kabi yetakchi tarmoqlarida ilg‘or ilmiy-texnikaviy yechimlarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishda kuchlarni birlashtirishni taklif etamiz”, - degan Rossiya prezidenti.
Ittifoq 2014-yilda Rossiya, Belarus va Qozog‘iston o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida tashkil etilgan xalqaro tashkilotdir. Bu ittifoqqa 2015-yilda Armaniston va Qirg‘iziston a’zo bo‘lgan, Moldova va Kuba kuzatuvchi maqomiga ega. O‘zbekiston 2020-yil dekabr oyida YeOIIda kuzatuvchi davlat maqomini olgan edi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda YeOIIga a’zo mamlakatlar kapitali ishtirokidagi korxonalar soni sezilarli darajada oshdi. Ularning soni 4,5 mingga yetdi.
YeOIIning maqsadi — a’zo davlatlar aholisining turmush darajasini yuksaltirish borasida barqaror rivojlanish uchun sharoitlar yaratish, tovarlar, xizmatlar, kapital va ish resurslarining yagona bozorini shakllantirishga harakat qilish, global iqtisodiyot sharoitida milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini oshirish, har tomonlama modernizatsiyalash va o‘zaro kooperatsiyani rivojlantirishdan iborat.